Geografiya nimani o‘rganadi?

Geografiya juda qadimgi fan. Qadimgi yunon olimi Eratosfen kitob yozib, uni «Geografiya» deb atagan. Yunoncha «ge» — Yer, «grafo» — yozaman degan ma’noni bildiradi. Binobarin, «Geografiya» so‘zi «Yerni tasvirlab yozaman», «Yerning tasviri» degan ma’nolarni anglatadi. Geografiya Yer yuzining tabiati, aholisi va uning xo‘jaligini o‘rganadigan fandir. Geografiya bilan shug‘ullanadigan kishilarni geograflar deb ataymiz. Uzoq vaqtgacha geograflar Yer yuzi tabiatini, aholisi va ayrim mamlakatlarning xo‘jaligini tasvirlab yozish bilan shug‘ullanib kelishdi. Geograf-sayyohlar yangi yerlarni, dengiz va okeanlarni kashf qilishdi. Biroq Yer yuzini tasvirlash, kattaligini aniqlash, xaritasini tuzish uchun bir necha ming yillar kerak bo‘ldi. Geografiya fani rivojlanib borgan sari unda ikkita asosiy yo‘nalish: tabiiy geografiya va ijtimoiy-iqtisodiy geografiya vujudga keldi.